Bloglar, Futbol, Yangiliklar 21:16 | 17.01.2022

BAA kubogidagi o‘zbek derbisi, Masharipovdan assist, Shomurodovdan 15 daqiqa

xalqaro maydonda futbol bo‘yicha ichki chempionatlar va kubok o‘yinlari davom etmoqda. “Bugun.uz” o‘zbekistonlik legionerlarning o‘tgan hafta o‘z klubi safida qayd etgan natijalarini bitta dayjestga joyladi.

BAA kubogida Aziz G‘aniev va Otabek Shukurov jamoasi o‘zaro kuch sinashdi.

BAA kubogi chorak finalida Aziz G‘aniev to‘p suradigan “Shabab al-Ahli” va Otabek Shukurov o‘ynaydigan “Sharja” jamoalari 16 yanvar kuni o‘zaro kuch sinashdi. Uchrashuvning asosiy vaqti va qo‘shimcha taymlari 0-0 hisobida yakunlandi. Penaltilar seriyasida “Sharja” 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.

O‘yinda Otabek Shukurov to‘liq harakat qildi. Aziz G‘aniev esa 120-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi. Ikkala o‘zbekistonlik futbolchi ham penaltini aniq amalga oshirdi.

Jaloliddin Masharipov “Al-Nassr” safida assist amalga oshirdi.

Foto: “Al-Nassr” klubi matbuot xizmati

Jaloliddin Masharipov to‘p suradigan “Al-Nassr” klubi Saudiya Arabistoni chempionati doirasida navbatdagi turni o‘tkazdi. Unda “Al-Nassr” “Al-Faysali” ustidan yirik 4:0 hisobida g‘alabaga erishdi. Shu bilan turnir jadvalida 3-o‘ringa ko‘tarildi.

O‘yinda 45 daqiqa harakat qilgan Jaloliddin Masharipov jamoasining birinchi goliga assistlik qildi. Futbolchi ikkinchi taymda zaxiraga olindi.

Shuningdek, 17 yanvar kuni o‘zbekistonlik legionerlar harakat qiladigan jamoalar Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichidagi raqiblarini bilib oldi.

Unga ko‘ra, “Shabab al-Ahli” S guruhidan joy oldi va jamoaga “Fulad”, “Ahal” va “Al-Garafa” klublari raqiblik qiladi.

“Sharja” esa OChLdagi yurishini pley-offdan boshlaydi va agar “Al Zavra” ustidan g‘alaba qozonsa, A guruhiga yo‘l oladi. Unda Otabek Shukurov jamoadoshlariga “Al-Hilol”, “Al-Rayyan” va “Istiqlol” raqiblik qiladi.

Eldor Shomurodov “Kalyari”ga qarshi 15 daqiqa harakat qildi.

Foto: “Getty Images”

Eldor Shomurodov harakat qiladigan Rimning “Roma” jamoasi Italiya chempionati doirasida “Kalyari”ni kichik hisobda mag‘lub etdi.

O‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov o‘yinning 75-daqiqasida zaxiradan maydonga tushdi.

Ibrohimxalil Yo‘ldoshev jamoasi Turkiyaga yig‘inga ketdi.

Foto: “Nijniy Novgorod” jamoasi rasmiy sayti

O‘zbekistonlik futbolchi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev harakat qiladigan “Nijniy Novgorod” jamoasi Rossiya chempionatidagi ta'tildan foydalanib, yig‘in o‘tkazish uchun Turkiyaga yo‘l oldi.

Ma'lumot uchun, jamoa 17–30 yanvar kunlari Turkiyada mashg‘ulot o‘tkazadi va 3 ta nazorat o‘yinida maydonga tushadi.

Qayd etilishicha, “Nijniy Novgorod” Turkiyada “Fakel”, “Voevodina” va “Dechich” jamoalariga qarshi maydonga tushadi.

Abduxoliqov harakat qilgan o‘yinda “Energetik-BGU” g‘alaba qozondi.

Belarus klubi bo‘lgan “Energetik-BGU” jamoasi “Minsk” jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib, 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bobur Abduholiqov asosiy tarkibda maydonga tushdi.

Ma'lumot uchun, Jasur Yaxshiboyev harakat qiladigan “Sherif” jamoasi ta'tilda hisoblanadi.