Yangiliklar 18:52 | 25.01.2022

Vlahovich “Yuventus”ga o‘tishga yaqin turibdi

“Fiorentina” hujumchisi Dushan Vlahovich “Yuventus”ga o‘tishga yaqin turibdi. Bu haqda jurnalist Fabritsio Romano xabar berdi.

Foto: “Sky Sports”

Turin klubi 75 million evrolik rasmiy taklif bilan chiqqan va “Fiorentina” buni qabul qilishga tayyor. Klublar o‘rtasida futbolchining transferi bo‘yicha og‘zaki kelishuv mavjud.

Hozirda “Yuventus” Vlahovich bilan shaxsiy shartnoma shartlarini muhokama qilmoqda.

Serbiyalik hujumchi 2021/22 yilgi mavsumda “Fiorentina” safida barcha turnirlarda 24 ta o‘yinda maydonga tushib, 20 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Avvalroq “Yuventus” Sardor Azmunni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi ekani haqida xabar berilgan. Shuningdek, Federiko Keza 2021/22 yilgi mavsumda “Yuventus”ga boshqa yordam bera olmasligi ma'lum bo‘lgandi.