Bloglar, Yangiliklar 23:02 | 26.01.2022

Kubok o‘yinida gol urgan Shomurodov, dubl qayd etgan Abduxoliqov va legionerga aylangan Hamdamov

xalqaro maydonda futbol bo‘yicha ichki chempionatlar va kubok o‘yinlari davom etmoqda. “Bugun.uz” o‘zbekistonlik legionerlarning o‘tgan hafta o‘z klubi safida qayd etgan natijalarini bitta dayjestga joyladi.

Eldor Shomurodov Italiya kubogida gol urdi.

Foto: “Getty Images”

Italiya kubogi 1/8 finalida 20 yanvar kuni “Roma” va “Lechche” jamoalari to‘qnash keldi. Uchrashuvda rimliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozondi va 1/4 finalga yo‘l oldi.

Rimliklar hujumchisi Eldor Shomurodov 64-daqiqada maydonga tushdi va 81-daqiqadayoq gol urdi. Eslatib o‘tamiz, Shomurodov Italiya kubogida ilk bor gol urdi.

Shuningdek, Italiya chempionati ham davom ettirildi va 23 yanvar kuni “Empoli”–“Roma” o‘yini bo‘lib o‘tdi. Bu o‘yinda Kubok bahsida gol urgan Eldor Shomurodov maydonga tushmadi.

Bobur Abduxoliqov “Energetik-BGU”ning o‘rtoqlik uchrashuvida dubl qayd etdi.

Foto: “Energetik-BGU” futbol klubi rasmiy sayti

Belarusning “Energetik-BGU” jamoasi 20 yanvar kuni “Shaxtyor”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi. Bahs 4:2 hisobida yakunlandi.

Mezbonlarning 2 ta goliga Bobur Abduxoliqov mualliflik qildi. Klub hisobidagi qolgan gollarni Andrey Pilach va Mamadu o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. “Shaxtyor” safida Skavish va Kozlovski gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Masharipov jamoasining golida ishtirok etdi.

Foto: “Al-Nassr” jamoasi rasmiy sayti

Saudiya Arabistoni chempionatida “Al-Nassr” jamoasi “Al-Taavun” bilan kuch sinashdi va kichik 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda zaxiradan maydonga tushgan Jaloliddin Masharipov jamoasining golida ishtirok etdi.

Quyida bu golni ko‘rishingiz mumkin:

Ibrohimxalil Yo‘ldoshev “Nijniy Novgorod”ning o‘rtoqlik o‘yinida to‘liq harakat qildi.

Foto: “Nijniy Novgorod” jamoasi rasmiy sayti

Turkiyada yig‘in o‘tkazayotgan “Nijniy Novgorod” jamoasi “Fakel”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi va unda 0:0 hisobidagi durang qayd etildi.

Ibrohimxalil Yo‘ldoshev asosiy tarkibda maydonga tushdi va to‘liq harakat qildi. Hozirda futbolchi terma jamoa bazasiga kelib qo‘shilgan.

O‘zbekistonlik legionerlar haqidagi yangiliklar.

Dostonbek Hamdamov Qatarning “Al Sayliya” jamoasi futbolchisiga aylandi.

Foto: O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi matbuot xizmati

“Paxtakor” futbolchisi bo‘lgan Doston Hamdamov 22 yanvar kuni faoliyatini Qatarning “Al-Sayliya” klubida davom ettirishi ma'lum bo‘ldi.

Jamoalar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq Hamdamov 2022 yilning 30 iyuniga qadar “Al Sayliya”da ijarada o‘ynaydi. Ijara muddati tugaganidan keyin futbolchi “Paxtakor” ixtiyoriga qaytadi.

Igor Sergeev “Tobol”da qoladi.

Foto: “Sport.kg”

“Tobol” jamoasi safida Qozog‘iston chempioni bo‘lgan Igor Sergeev yangi mavsumni ham ushbu jamoada qolishi ma'lum bo‘ldi.

“Igor Sergeev ‘Tobol’ bilan shartnomasini uzaytirdi, u klub bilan Evropada muvaffaqiyat qozonish niyatida”, — degan futbolchining agenti.

Ma'lumot uchun, Osiyoda FIFA kunlari boshlangani sabab legioner futbolchilar terma jamoa safiga kelib qo‘shilgan.

Avvalroq BAA kubogidagi o‘zbek derbisi, Masharipovdan assist, Shomurodovdan 15 daqiqa haqida material e'lon qilingan. Shuningdek, Mourino tanqid qilgan Shomurodov, to‘liq o‘ynagan Shukurov va G‘aniev, Neymardan qolishmaydigan fint qilgan Masharipov haqida xabar berilgan.