Yangiliklar 10:20 | 29.01.2022

Pekindagi Qishki Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimida qaysi davlat rahbarlari ishtirok etishi ma'lum bo‘ldi

xitoyning Pekin shahrida 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan XXIV Qishki Olimpiya o‘yinlarida 20 ta davlat rahbari ishtirok etishi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda “HKFP” xabar berdi.

Foto: “Insidethegames”

xitoy markaziy televideniesining xabar berishicha, davlat rahbari Si Tszinpinning shaxsiy taklifiga binoan Pekinga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev, shuningdek, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Rossiya va boshqa ko‘plab davlat rahbarlarining kelishi kutilmoqda.

“xitoy raisi Si Tszinpin 4–6 fevral kunlari Pekinda 2022 yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etadi, shuningdek, tashrif buyuradigan xorijiy davlatlar rahbarlari, hukumat rahbarlari, qirollik oilalari a'zolari va xalqaro tashkilotlar rahbarlarini kutib olish ziyofati o‘tkazadi”, deyilgan xitoy markaziy televideniesida.

Shuningdek, marosimga xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi va boshqalar kelishi kutilmoqda.

Avvalroq Olimpiya o‘yinlarining ochilish va yopilish marosimi direktori Chjan Imou Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan Qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi chinakam inqilob bo‘lishini aytgani xabar qilingan. Shuningdek, o‘zbekistonlik sportchi qishki Olimpiya o‘yinlariga birinchi yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi.