Yangiliklar 12:29 | 29.01.2022

“Yuve” Vlahovichning transferi uchun agentlarga qancha to‘lagani ma'lum bo‘ldi

“Yuventus” jamoasi “Fiorentina” futbolchisi Dushan Vlahovichning transferi uchun agentlarga qancha to‘lagani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi.

Foto: “Getty Images”

xabarga ko‘ra, klub serbiyalik futbolchi uchun 70 million evroni uch bo‘lib to‘laydi. Shuningdek, “Fiorentina” futbolchi erishadigan natijalari ortidan 10 million evro qo‘shimcha bonus olishi mumkin.

“Yuventus” yana 11,6 million evroni “qo‘shimcha xarajatlar” uchun sarflaydi. Jurnalist Fabritsio Romanoning xabar berishicha, bu mablag‘ agentlarga to‘lash uchun sarflanadi.

Bundan tashqari, Turin klubi FIFA qoidalariga ko‘ra, 22 yoshli futbolchining 13 yoshga to‘lganidan buyon rivojlanishiga yordam bergan klublarga, ya'ni “Partizan” va “Fiorentina”ga birdamlik to‘lovlarini amalga oshiradi. Bu klublar taxminan 3,5 million evroni bo‘lishadi.

Avvalroq Vlahovich “Yuventus”ga o‘tganiga munosabat bildirgani xabar qilingan. Shuningdek, Dushan Vlahovich rasman “Yuventus”ga o‘tgani ma'lum bo‘lgandi.