Bloglar, Yangiliklar 22:15 | 09.02.2022

Dubl qayd etgan Yaxshiboyev, super gol urgan Umarov va “Surxon” darvozasini ishg‘ol qilgan Mahmudhojiyev

xalqaro maydonda futbol bo‘yicha ichki chempionatlar va kubok o‘yinlari davom ettirildi. “Bugun Sport” o‘zbekistonlik legionerlarning mazkur va o‘tgan hafta o‘z klubi safida qayd etgan natijalari va ular haqidagi yangiliklarni bitta dayjestga joyladi.

Kollaj: “Bugun Sport”

Jasur Yaxshiboyevning dubli jamoasiga g‘alaba keltirdi.

Foto: “Sherif” jamoasi rasmiy sayti

Moldovaning “Sherif” klubi “Dinamo-Avto” jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvini o‘tkazdi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Har ikkala golga ham o‘zbekistonlik futbolchi Jasurbek Yaxshiboyev mualliflik qildi.

Shahboz Umarov super gol urib, jamoasiga g‘alaba keltirdi.

Foto: “BATE” klubi axborot xizmati

Belarusning “BATE” jamoasi yangi mavsumga tayorgarlik ko‘rish maqsadida “Isloch”ga qarshi nazorat o‘yinida maydonga tushdi.

O‘zbekistonlik legioner Shahboz Umarov ikkinchi bo‘limda maydonga tushib, 89-daqiqada super gol bilan jamoasiga g‘alaba keltirdi.

Shohrux Mahmudhojiyev “Surxon” darvozasini ishg‘ol etdi.

Foto: Instagram / @Fckhujand_official

Shohrux Mahmudhojiyev harakat qiladigan Tojikistonning “xo‘jand” jamoasi Toshkentda O‘zbekistonning “Surxon” jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi.

O‘yinda “xo‘jand” 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Mahmudhojiyev jamoa safida debyut uchrashuvini o‘tkazdi va jamoasining 1-goliga mualliflik qildi.

Otabek Shukurov to‘liq o‘yin o‘tkazdi.

Foto: “Sharjahfc.gov”

BAA chempionati 14-turidan o‘rin olgan “Sharja”–“Al-Ittihod Kalba” o‘yini bo‘lib o‘tdi. Unda “Sharja” 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Otabek Shukurov uchrashuvda to‘liq harakat qildi.

Doston xamdamov debyut o‘yinida 69 daqiqa harakat qildi.

Foto: “Anji” klubi rasmiy sayti

Transferlar vaqtida Qatarning “Al-Sayliya” jamoasiga o‘tgan Doston xamdamov 5 fevral kuni debyut o‘yinini o‘tkazdi va unda 69 daqiqa harakat qildi.

Mazkur bahsda “Al-Sayliya” “Al-Vakra” jamoasiga qarshi bahs olib bordi va 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Jaloliddin Masharipov zaxiradan maydonga tushdi.

Foto: “Getty Images”

Saudiya Arabistoni chempionatida “An-Nasr” va “At-Tai” jamoalari o‘zaro o‘yin o‘tkazdi. Unda “An-Nasr” jamoasi yirik 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Jaloliddin Masharipov 72-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi.

Italiya chempionatida ham kubogida ham zaxirada qoldirilgan Shomurodov.

Foto: “Getty Images”

“Roma” Italiya chempionati doirasida 5 fevral kuni “Jenoa”ga qarshi o‘yin o‘tkazdi. Uchrashuvda 0:0 hisobidagi durang natija qayd etildi. Eldor Shomurodov zaxirada qoldirildi.

Shuningdek, Italiya kubogi doirasida “Roma” “Inter”ga qarshi o‘yin o‘tkazib 1:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi va musobaqani tark etdi. Eldor Shomurodov zaxirada qoldirildi (tavtologiya uchun uzr, Mourino shunday qilishga majbur qildi).

Azizbek Amonov va Jasur Jaloliddinov legionerga aylandi.

Foto: “Lokomotiv” klubi matbuot xizmati

Toshkentning “Lokomotiv” jamoasida harakat qilgan hujumkor yarim himoyachi Azizbek Amonov faoliyatini Eronning 8 karra chempioni, ayni damda mamlakat chempionatida peshqadamlik qilayotgan “Istiqlol” jamoasida davom ettiradi.

Shuningdek, “temiryo‘lchilar”ning yana bir a'zosi Jasur Jaloliddinov ijara asosida “Qayrat”ga o‘tdi. Futbolchi Qozog‘iston klubida mavsum oxiriga qadar harakat qiladi.

Anons.

Otabek Shukurov harakat qiladigan “Sharja” jamoasi 10 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 18:30 da BAA chempionati doirasida “Al-Dafra”ga qarshi o‘yin o‘tkazadi.

Doston xamdamov to‘p tepadigan Qatarning “Al-Sayliya” jamoasi 10 fevral kuni Qatar chempionati doirasida “Al-Rayyan”ga qarshi maydonga tushadi.

Saudiya Arabistoni chempionatida 11 fevral kuni markaziy o‘yin bo‘lib o‘tadi — “Al-Ittixod”–“An-Nasr”. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 22:20 da boshlanadi. Chempionatda “Al-Ittixod” 1-o‘rinda bo‘lsa, Masharipovning jamoasi 2-o‘rinni egallab turibdi.

Italiya chempionati doirasida 13 fevral kuni “Roma” “Sassuolo”ga qarshi maydonga tushadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 22:00 da boshlanadi.