Bloglar, Yangiliklar 22:01 | 15.02.2022

Pekin Olimpiadasi: rossiyalik 15 yoshli qiz atrofidagi doping mojarolari

xitoyning Pekin shahrida bo‘lib o‘tayotgan Qishki Olimpiada o‘yinlarining figurali uchish sport turi ishtirokchisi, 15 yoshli rossiyalik Kamila Valieva doping mojarolari markaziga aylandi. “Bugun Sport” Kamila Valieva bilan nimalar sodir bo‘lgani haqida material tayyorladi.

Foto: “Bugun.uz”

Hammasi 8 fevral kuni Kamila Valievaning doping testidan trimetazidin moddasi aniqlangani bilan boshlandi. Rossiya antidoping qo‘mitasi tomonidan barcha musobaqalardan vaqtinchalik chetlashtirildi. 9 fevral kuni sportchi vaqtinchalik diskvalifikatsiya bo‘yicha appelyatsiya berdi va qo‘mita chetlatishni bekor qildi.

Ma'lumot uchun, ushbu preparat sportdan tashqari, asosan yurak muammolari bo‘lgan bemorlarga tavsiya qilinadi. Hujayraga energiya/resurs oqimini oshirish kerak bo‘lgan holatda foydalaniladi.

“Aslida, buni doping sifatida qabul qilish shubhali. Shunchaki, sport natijasiga bevosita ta'sir qiladigan doping bor. Va dorixona doping deb hisoblaydigan narsa bor. Preparat taqiqlangan moddalar qatoriga kiradi”, — degan “Rostov” klubi vrachi.

Valievadan doping aniqlangunicha 7 fevral kuni u jamoaviy bahslarda oltin medalni qo‘lga kiritishga ulgirgandi. Lekin hali medallar topshirilmadi va taqdirlash marosimi o‘tkazilmadi.

Ma'lum bo‘lishicha, Valievaning qonida trimetazidin biroz oldin 2021 yilning 25 dekabrida Rossiya chempionati vaqtida aniqlangan. Ammo sportchi Rossiya chempionatida ham qatnashgan, shuningdek, Qishki Olimpiadaga ham yo‘l olgan.

Foto: “Spletnik.ru”

Valievaning ishini ko‘rib chiqishga 11 fevral kuni Sport arbitraj sudi (SAS) qo‘shildi va sud qarori 14 fevral kuni chiqarilishi aytildi. Shunga qaramay Valieva mashg‘ulotlarni davom ettirdi. Ammo uni qo‘llab-quvvatlaganlar ham tanqid qilganlar ham bo‘ldi.

“Juda munozarali va qiyin vaziyat yuzaga keldi. Aytmoqchimanki, men Kamilaning aybi yo‘q va toza ekaniga aminman. Biz uchun bu teorema emas, aksioma, uni isbotlash shart emas. Men tushunaman, ba'zi harakatlar protokoli mavjud, undan voz kechib bo‘lmaydi. Biz har qanday holatda ham sportchini tashlab ketganimiz yo‘q, biz sportchilarimiz bilan oxirigacha qiyinchilik va xursandchilikda ham birgamiz”, — degan Kamilaning murabbiyi Tutberidze.

Shuningdek, Rossiya prezidenti bosh kotibi Dmitriy Peskov ham holat haqida fikr bildirdi.

“Biz vaziyatga izoh bermaymiz va izoh berishni istamaymiz, biz sud jarayonining tugashini kutmoqdamiz.

Va cheksiz, mutlaqo cheksiz va to‘liq va har qanday holatda Kamila Valievamizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Va barchani uni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz. Biz esa Kamillaga aytdik: Kamila, yuzingni yashirma, sen rus ayolisan, hamma joyda g‘urur bilan yur, eng muhimi, ijro et va hammani mag‘lub et”, — degan Peskov.

SAS 14 fevral kuni Valievaga 15 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan individual turnirda ishtirok etishga ruhsat berdi. Doping masalasi Olimpiadadan keyin ko‘rib chiqilishi ma'lum bo‘ldi.

Foto: “Birinchi kanal”

Sud qaroridan keyin Kamila Valieva ko‘z yoshlarini tiyib tura olmadi.

“Bu kunlar men uchun juda og‘ir kechdi va allaqachon his-tuyg‘ular etishmayapti. Men baxtliman, lekin men allaqachon ruhiy jihatdan charchadim. Shuning uchun, bu baxt ko‘z yoshlari va bir oz qayg‘u.

Murabbiylar meni qo‘llab-quvvatlayapti, atrofimdagi hamma meni qo‘llab-quvvatlayapti. Mark (Kondratyuk) ham qo‘llab-quvvatlaydi. U (Pekinda) qolgani yaxshi bo‘ldi. Men yolg‘iz qolaman deb o‘ylagandim, lekin eng yaqin odamlarim meni hech qachon tark etmaydi”, — dedi Kamila.

Ayni damda Valieva individual bahslarda ishtirok etmoqda va qisqa chiqish yakuniga ko‘ra 1-o‘rinni egallab turibdi.

Azimbek xushmamatov tayyorladi