Bloglar, Yangiliklar 13:47 | 24.02.2022

Ko‘chirilishi mumkin bo‘lgan EChL finali, to‘xtatilgan Ukraina chempionati va sportchilarning munosabati

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24 fevral kuni tongda Donbassda maxsus harbiy operatsiya boshlanganini e'lon qildi. “Bugun Sport” Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush sport olamiga qanday ta'sir o‘tkazayotganini bitta dayjestga joyladi.

Evropa chempionlar ligasi finali Rossiyadan boshqa davlatga ko‘chirilishi mumkin.

Foto: “Russian.rt.com”

Evropa chempionlar ligasining 2021/22 yilgi mavsumi finali Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi.

Britaniyaning “Mirror” nashri beqaror harbiy-siyosiy vaziyat tufayli 2022 yilgi Chempionlar ligasi finali Sankt-Peterburgdan Londonga ko‘chirilishi mumkinligini ma'lum qildi. Ammo Final tashkiliy qo‘mitasi bosh direktori bu ma'lumotni rad etdi:

“UEFA Chempionlar ligasi finali o‘yinini Sankt-Peterburgdan boshqa joyga ko‘chirish masalasini muhokama qilmadi”.

Shuningdek, bu masalada UEFA’ning bayonoti ham e'lon qilindi.

“UEFA vaziyatni doimiy va diqqat bilan kuzatib bormoqda. Agar kerak bo‘lsa, har qanday qaror o‘z vaqtida qabul qilinadi.

Ayni vaqtda UEFA’da boshqa izoh yo‘q”, deyiladi tashkilot bayonotida.

Futbol bo‘yicha Ukraina chempionati 24 fevral kuni to‘xtatildi.

Foto: “Sports.ru”

Ukraina chempionati ayni paytdagi siyosiy-harbiy holat tufayli vaqtincha to‘xtatildi.

Ma'lumot uchun, Ukraina futbol chempionati to‘xtatilgan vaqtda Donetskning “Shaxtyor” klubi Ukraina Premer-ligasining 2021/2022 yilgi mavsumida 18 o‘yinda 47 ochko to‘plagan holda turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda Kievning “Dinamo” klubi 45 ochko bilan bormoqda. Kuchli uchlikni 40 ochko bilan “Dnepr-1” yakunlab turibdi.

Roman Yaremchuk “Benfika” safida gol urganidan keyin Ukraina gerbining ramzini ko‘rsatdi.

Foto: “Sport.ua”

Evropa chempionlar ligasi 1/8 finalida “Benfika” va “Ayaks” jamoalari o‘zaro o‘yin o‘tkazdi. Uchrashuv 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.

O‘yinda gol kiritib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan ukrainalik Roman Yaremchuk gol nishonlash paytida futbolkasini echdi va ichki futbolkasiga tushurilgan Ukraina gerbining ramzini ko‘rsatdi.

Ukraina TJ sobiq bosh murabbiyi Andrey Shevchenko ham holatga munosabat bildirdi.

Foto: “Eurosport.ru”

Shevchenko xalqini birlashishga chaqirdi.

“Ukraina — mening vatanim!

Men hamisha xalqim va yurtim bilan faxrlanganman! Ko‘p og‘ir damlarni boshdan kechirdik va o‘tgan 30 yil ichida xalq sifatida shakllandik! Samimiy, mehnatkash va erksevar fuqarolar xalqi! Bu bizning eng muhim boyligimiz!

Bugun barchamiz uchun og‘ir vaqt. Ammo biz birlashishimiz kerak! Birlikda biz g‘alaba qozonamiz! Ukrainaga shon-sharaflar!” — deb yozdi Ukraina terma jamoasining sobiq murabbiyi.

Azimbek xushmamatov tayyorladi