Bloglar, Yangiliklar 12:42 | 28.03.2022

APL jamoalari muxlislarining klub xo‘jayinlariga ishonchi qanday? — reyting

Britaniyaning “Daily Mail” nashri tadqiqot o‘tkazdi: Angliya Premer-ligasi klublarining muxlislari sevimli jamoalarining xo‘jayinlariga qanday munosabatda? “Bugun Sport” Angliya jamoalari muxlislarining klub xo‘jayinlariga ishonish reytingini taqdim etadi.

Foto: “Bugun.uz”

Kimni yaxshi ko‘rishadi? “Brentford” xo‘jayini lider. Toplardan Abramovich, shayx Mansur va “Liverpul” boslariga ishonishadi.

Reytingda birinchi o‘rinni “Brentford” egasi Mettyu Benam 98,8 foiz ishonch bilan egalladi. Bu xayratlanarli emas. Chunki klub u bilan 1947 yildan beri birinchi marta Angliya Premer-ligasiga yo‘l oldi.

Benam boy kompaniyalarning egasi emas, ammo klubning haqiqiy muxlisi va puxta o‘ylangan strategik rejaga ega. U Oksfordni tamomlagan va bankir bo‘lib ishlagan. U statistikachi va futbolni matematika bilan muvaffaqiyatli bog‘lay olgan.

Roman Abramovich 92,5 foiz bilan top-klublardagi hamkasblarini ortda qoldirdi. Abramovich qo‘l ostida “Chelsi” oldingi tarixidan ko‘ra ko‘proq sovrin yutdi va top-klubga aylandi. Qayd etilishicha, shikoyatlar faqat chiptalar narxining yuqoriligi va “Stamford Bridj” rekonstruktsiyasining kechikishi haqida bo‘lgan.

Foto: “Globallookpress.com”

Yuqori o‘rinlarda ko‘plab o‘rta darajadagi jamoalar: “Lids” — 98,3 foiz, “Aston Villa”— 98,3 foiz, “Brayton” — 98 foiz, “Lester” — 97,9 foiz, “Kristal Pelas” — 95,7 foiz. Optimizmning asosiy sababi barqaror ishonchli pozitsiyadir.

“Brayton” xo‘jayini Toni Blumga infratuzilma uchun (klub muvaffaqiyatli skautlar tizimiga ega), “Kristal Pelas” egasi Stiv Parishga ajoyib akademiya uchun minnatdorchilik bildiriladi, “Lester” bilan hammasi aniq — Srivadxanaprabxa oilasi bilan jamoa ertak yaratdi va Premer-liga g‘olibi bo‘ldi.

Kimni yomon ko‘rishadi? Gleyzerlerni 4,04 foiz muxlis ma'qullaydi, “Nyukasl” va “Arsenal” muxlislarida ham e'tirozlar ko‘p.

“Manchester Yunayted” muxlislari Gleyzerlar oilasini yomon ko‘radi. Faqat 4,04 foiz muxlis ularni ma'qullaydi. Muxlislarning fikricha: “Klub tepadan pastga sho‘ng‘igan. Endi bu futbol jamoasi emas, balki pul ishlash vositasi. Muayyan o‘yinchilar, murabbiy tanlash va umumiy strategiya bo‘yicha noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinadi. Klubdan katta pullar chiqarib yuborilmoqda”.

Oxirgi 10 yildagi deyarli barcha chempion jamoalar egalari kuchli o‘ntalikdan joy olgan. Biroq “Qizil iblislar” bundan mustasno. Muxlislar avval ham Gleyzerlarni yaxshi ko‘rmasdi, ammo so‘nggi yillardagi muvaffaqiyatsizliklar muxlislarni ularga qarshi qilib qo‘ydi.

Foto: “Globallookpress.com”

“Arsenal” egasi Sten Kronke boy xo‘jayin har doim ham saxiy sarmoyani kafolatlay olmasligiga misol. Unga jamoaning 30,3 foiz muxlisi ishonadi. U Premer-liga xo‘jayinlari orasida boyligi bo‘yicha beshinchi o‘rinni egallab turibdi, ammo buning London klubiga ta'siri sezilmayapti.

“Nyukasl”ning 10,9 foizlik past ko‘rsatkichidan hayratlanishga hali erta. Muxlislar birinchi navbatda o‘zining ziqnaligi va g‘alati strategik qarorlaridan nafratlanayotgan Mayk Eshlining mehnatini baholadi. Balki Saudiya Arabistonidan keladigan pullar bo‘lmaganida, foiz bundan ham pastroq bo‘lardi.