Yangiliklar 15:04 | 01.04.2022

“Ular hech qachon erkaklarga xos bo‘lmagan provakatsiyalarga uchmasligi shart” — Diyor Imomxo‘jaev

Professional futbol ligasi direktori Diyor Imomxo‘jaev Superliga 4-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” va “Dinamo” o‘rtasidagi o‘yin haqida gapirdi. Bu haqda u o‘z Telegram sahifasida post qoldirdi.

Foto: Professional futbol ligasi matbuot xizmati

Diyor Imomxo‘jaev futbolchilarni har xil provakatsiyalarga uchmaslikka chaqirdi.

“‘Dinamo’ futbolchilari rostmanasiga yaxshi boshlashdi. Futbolda mayda detallar bo‘lmaganidek, ular hech qachon erkaklarga xos bo‘lmagan provakatsiyalarga uchmasliklari shart. Aynan shunday jihatlar barcha rejani chipakka chiqarishi mumkin. Va yana bir masala, agar bosh hakam mezbonlar g‘alabasini istasa edi, ularning golini bekor qilib ham o‘tirmasdi. Tartib va ahillik ko‘rsatkichlari past bo‘lgan klublardan ochko olinmayaptimi, demak aybdorni izlash yoki nolishmas, yanada o‘sishga harakat qilish eng to‘g‘ri yo‘l.

‘Dinamo’ning o‘yini turdan-turga o‘syapti, murabbiyga ham, jamoaga ham vaqt kerak. Futbol shunday o‘yinki, hamma narsaga har doim ham hakam aybdor bo‘lavermaydi. Har holda bugungi futbol shunga harakat qilyapti, bugungi futbolda hakamlar yaqin o‘tmishdagi kabi ko‘ngli tusaganini qilmayapti. O‘sha ayrim eski hakamlarga esa ich-ichimizdagi barcha e'tiroz-u, la'natlarimiz bo‘lsin. Aynan ular o‘zlari haqlarida shakllantirgan fikr bizga bugungi kunda ham qimmatga tushaveradi. Uzoq yillar nohaqliklarni ko‘raverib charchagan muxlis, hammasini birdaniga unutib qo‘ya olmaydi, ularga ham vaqt kerak”, — deb yozdi PFL direktori.

Avvalroq Diyor Imomxo‘jaev Professional futbol ligasi bosh direktori etib tayinlangani haqida xabar berilgan. Shuningdek, Diyor Imomxo‘jaev o‘z Telegram kanalida o‘rtoqlik o‘yinlariga qarab xulosa chiqaradiganlar haqida gapirgani ma'lum qilingan.