Yangiliklar 13:33 | 09.04.2022

“Biz uzoq yillar davomida qo‘shnilarimiz bilan juda kam o‘yin o‘tkazganmiz” — Diyor Imomxo‘jaev

Professional futbol ligasi direktori Diyor Imomxo‘jaev jurnalist Farrux xudoyorov bilan bo‘lgan intervyusida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan “Navruz Cup” turniri haqida o‘z fikrini bildirdi.

Foto: “Bugun.uz”

Diyor Imomxo‘jaev ushbu turnirning g‘olibligiga qarash kerak emasligini ta'kidladi.

“Bu turnirning g‘olibligiga qarash kerak emas. Bu o‘rtoqlik uchrashuvi. Shunchaki qiziqarliroq chiqishi uchun O‘FA 4 ta jamoa ishtirokida turnir tashkil qilgan va men bu turnirni olqishlashni istar edim. Chunki biz uzoq yillar davomida qo‘shni terma jamoalarga qarshi juda kam o‘ynaganmiz. Bu chiroyli holat ham emas. Oxirgi paytlarda bunaqa sharoit bor. Men kelajakda xohlardim Qozog‘iston va Turkmaniston bilan ham shunaqa o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilishni.

Qo‘shnilar bilan uchrashuv o‘tkazganda o‘yin printsipial ahamiyat kasb etadi. Daraja rol o‘ynamaydi”, — dedi PFL bosh direktori.

Shuningdek, Diyor Imomxo‘jaev intervyu davomida totalizator, badal pullari va sharhga qachon qaytishi haqida gapirgan.

Avvalroq Diyor Imomxo‘jaev Superliga 4-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” va “Dinamo” o‘rtasidagi o‘yin haqida gapirgani ma'lum qilingan. Shuningdek, Diyor Imomxo‘jaev Professional futbol ligasi bosh direktori etib tayinlangani haqida xabar berilgan.