Yangiliklar 10:43 | 11.04.2022

Diyor Imomxo‘jaev “Paxtakor”ning OChLdagi g‘alabasi haqida fikr bildirdi

Professional futbol ligasi direktori Diyor Imomxo‘jaev “Paxtakor”ning Osiyo chempionlar ligasidagi ilk g‘alabasi haqida fikr bildirdi. Bu haqda u o‘z Telegram kanalida post qoldirdi.

Foto: Professional futbol ligasi axborot xizmati

Imomxo‘jaev o‘z maydonida himoyaga yotib olayotgan jamoani yanchib tashlash kerak ekanini ta'kidladi.

“‘Paxtakor’ g‘olib chiqqan bo‘lsa-da, ko‘ngil to‘lmagan jihatlar bor. Hojimat (Erkinov) va Ikrom (Aliboyev) maydonga tushguniga qadar futbolchilarimiz o‘z o‘yinlariga qo‘sha olishmayapti. Vaholanki, o‘z muxlislari qarshisida yotib olib, o‘yin tempini sun'iy tushirayotgan (Paxtakorni to‘xtatish uchun) bunday jamoani iloji boricha yanchib tashlash kerak. Menimcha, muxlislarga g‘alabadan ko‘ra ko‘proq futbolchilar ko‘zidagi o‘t va ularning g‘alabaga o‘ta chanqoqligi zarur” — dedi PFL direktori.

Avvalroq Diyor Imomxo‘jaev futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan “Navruz Cup” turniri haqida o‘z fikrini bildirgandi. Shuningdek, Diyor Imomxo‘jaev Superliga 4-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” va “Dinamo” o‘rtasidagi o‘yin haqida gapirgani ma'lum qilingan.