Alkaras 2 kun ichida Nadal va Jokovichni mag‘lub etib, Madriddagi turnir chempioni bo‘ldi
Ispaniyada yangi tennis fenomeni paydo bo‘ldi. 19 yoshli Karlos Alkaras Madriddagi musobaqada 2 kun ichida tennis afsonalari Rafael Nadal va Novak Jokovichni mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. Alkaras finalda rossiyalik Aleksandr Zverevni mag‘lub etib “Masters” turniri chempioni bo‘ldi.
Foto: “REUTERS”
Alkaras Madriddagi musobaqada ilk bor Rafael Nadalni mag‘lub etdi. Yarim finalda ilk bor Novak Jokovich bilan to‘qnash keldi va 3,5 soat davom etgan o‘yinda g‘alaba qozondi. U bir turnir davomida ham Nadal ham Jokovichni mag‘lub etgan 12-tennischi bo‘ldi.
Madriddagi musobaqa yarim finalidagi g‘alabasidan keyin Alkarasga sha'mali savol berildi: ayni paytda dunyoning eng yaxshi o‘yinchisi kim?
Turnir davomida 19 yoshga kirgan tennischi bosiqlik bilan javob berdi: “Bu haqda gapirmayman. Men bilaman, lekin gapirmayman. Men №1 ni mag‘lub etdim. Biroq hali ham to‘qqizinchiman. Mendan oldindan yana 8 nafar o‘yinchi bor”.
Keyin esa Alkaras musobaqa finalida Zverevni mag‘lub etdi (6:3; 6:1) va ayni paytda u birinchi raqamli ekanini isbotladi.
Foto: “REUTERS”
Alkaras — mavsumdagi unvonlar soni bo‘yicha tur etakchisi. U allaqachon to‘rtta unvon qo‘lga kiritdi va ularning ikkitasi “Masters” kubogi hisoblanadi.
U g‘alabalar bo‘yicha tur etakchisi va eng yaxshi g‘alabalar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda bormoqda — 28:3.
Uning 2022 yilda reytingdagi kuchli 10 talikka qarshi statistikasi ham aqlbovar qilmas darajada — 10 ta o‘yin, 8 ta g‘alaba, 7 tasi ketma-ket. Darvoqe, Madridda u ATP tarixida bir turnirda kuchli beshtalikdan uchta raqibni mag‘lub etgan eng yosh tennischi bo‘ldi.
Va umuman olganda, Alkaras barchani xayron qoldirmoqda. Chunki 19 yoshida uning o‘yinida aniq zaif tomonlar yo‘q. U forxend va bekxendda bir xil darajada yaxshi, hujum va himoyada bir xil darajada yaxshi (shuning uchun uni Jokovichning takomillashgan varianti deb atashmoqda). U orqa chiziqda nihoyatda kuchli va to‘r oldida sovuqqon. Jismonan esa u nihoyatda kuchli — Novak bilan o‘yin so‘ngida uning charchagani umuman sezilmadi.
Foto: Instagram / Carlitosalcarazz
Alkaraz fikrlashining ravshanligi bilan ajralib turadi. U juda kamdan-kam hollarda noto‘g‘ri qarorlar qabul qiladi va muhim daqiqalarda deyarli hech qachon adashmaydi. Shuning uchun, u professional faoliyatidagi hal qiluvchi 11 ta tay-brekning 10 tasida g‘alaba qozongan.