Uncategorized 14:57 | 11.05.2022

Rasman: Viktor Karpenko “Bunyodkor” yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi

“Bunyodkor” jamoasi murabbiyi Shuhrad Maqsudov iste'foga chiqarilib uning o‘rniga Viktor Karpenko jamoa yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi.

Foto: “Bunyodkor” jamoasi rasmiy sayti

xabarga ko‘ra, “Bunyodkor” klubi qarorgohida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi va rahbariyat tomonidan murabbiylar shtabida o‘zgarishlar amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

“Jamoamizning so‘nggi o‘yinlaridagi natijalaridan juda hafaman. Oxirgi uch uchrashuvda bor-yo‘g‘i bir ochko qo‘lga kiritilgani yomon ko‘rsatkich. Agar vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirmasak turnir jadvalidagi o‘rnimiz yanada og‘irlashadi va bu ketishda o‘ninchi pog‘onalarga tushib ketishimiz mumkin. ‘Bunyodkor’ning obro‘siga bu aslo yarashmaydi. Men murabbiy va futbolchilardan shuni so‘rardim va istardimki, har biringiz har safar o‘yinga chiqqaningizda fidoyilik ko‘rsatib, ijobiy natija uchun joningizni berib kurashing. Faqat shundagina zafar quchish mumkin. Jamoaning hozirgi holati esa qoniqarli darajada emas”, — dedi klub prezidenti Mehriddin Razzoqovich Abdullaev.

Shundan so‘ng “Bunyodkor” murabbiylar shtabida bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov, murabbiy Aram Ananyan va darvozabonlar murabbiyi Abdusattor Rahimov o‘z lavozimini tark etishi e'lon qilindi. Shu kunga qadar bosh murabbiy assistenti bo‘lib ishlab kelgan Viktor Karpenko bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Anvar G‘ofurov bosh murabbiy assistenti lavozimiga o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Ruminiyalik Avgustin Chirita jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida ishini davom ettiradi. Murabbiylar shtabidagi bo‘sh o‘rinlarga nomzodlarni ko‘rib chiqish Viktor Karpenko zimmasiga yuklatildi.

Avvalroq “Olimpik” “Bunyodkor”ni yirik hisobda mag‘lub etgani haqida xabar berilgan.