Uncategorized 15:56 | 25.05.2022

Shomurodovning saralashdagi golidan Norvegiyadagi qaqshatqich mag‘lubiyatgacha: “Roma”ning KL finaligacha bosib o‘tgan yo‘li haqida

Futbol tarixida ilk marta o‘tkazilayotgan Konferentsiyalar ligasi musobaqasining finali 25 may kuni bo‘lib o‘tadi. Unda “Roma” va “Feyenoord” jamoalar to‘qnash keladi. “Bugun Sport” Joze Mourino shogirdlarining Konferentsiyalar ligasi finaligacha bo‘lgan yo‘li haqida ma'lumot beradi.

Foto: “Metaratings.ru”

Saralash bosqichi. Pley-off.

Mourino shogirdlari musobaqani saralashning pley-off bosqichidan boshladi. Turkiyada o‘tgan ilk o‘yin asabiy o‘tgan. So‘nggi daqiqalarda Eldor Shomurodov “Roma”ga 2:1 hisobida g‘alaba keltirgan.

Rimdagi o‘yinda esa “Roma” yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, Konferentsiyalar ligasi guruh bosqichiga yo‘l olgan.

Guruh bosqichi.

“Roma” musobaqaning “S” guruhidan o‘rin oldi va unga “TsSKA Sofiya”, “Budyo-Glimt” va “Zarya” raqiblik qildi. Mourino shogirdlari avvalgi ikki turda qiyinchiliksiz “TsSKA Sofiya”ni 5:1 va “Zarya”ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

Musobaqa guruh bosqichining 3-turida esa “Roma” Noregiyada “Budyo-Glimt”dan qaqshatqich mag‘lubiyat qabul qilib oldi — 6:1. Rimdagi 4-tur o‘yinida esa Norvegiya klubi g‘alaba qozonib turgandi, ammo so‘nggi daqiqalarda “Roma” hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirgandi.

5 va 6-turlarda g‘alaba qozongan jamoa “S” guruhida 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, 1/8 final bosqichiga yo‘l oldi.

Pley-off bosqichi.

Unda Rim klubi Niderlandiya vakili “Vitess” jamoasi bilan to‘qnash kelib, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va chorak finalga yo‘l oldi.

1/4 finalda esa “Roma”ga guruhdagi raqibi, musobaqa kashfiyoti “Budyo-Glimt” qarshilik qildi. Mourino shogirdlari Norvegiyadagi o‘yinda yana mag‘lub bo‘ldi — 2:1. Ammo Rimdagi o‘yinda o‘ziga kelgan “Roma” 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Javob uchrashuvning birinchi bo‘limidan keyin hisob 3:0 ga etgandi. Muorino tanaffus paytida shogirdlariga guruh bosqichidagi mag‘lubiyat uchun qasos olish uchun o‘ynash kerak emasligini ta'kidlagan. Yakunda “Roma” yarim finalga yo‘l olgan.

“Roma” yarim finalda jiddiy raqibga duch keldi. Evropa ligasidan Konferentsiyalar ligasiga tushib ketgan “Lester” musobaqaning asosiy favoritlaridan hisoblanayotgandi. Birinchi o‘yinda Angliyada 1:1 hisobidagi durang qayd etildi. “Olimpiko”da esa “Roma” Temmi Abrahamning goli evaziga 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va finalga yo‘l oldi.

Joze Mourino ham Evropa Chempionlar ligasi ham Evropa ligasi ham Konferentsiyalar ligasi finaliga yo‘l olgan ilk murabbiyga aylandi.

Final. Prevyu.

Rimliklar finalda Niderlandiyaning “Feyenoord” jamoasiga qarshi bahs olib boradi. O‘yin 25 maydan 26 mayga o‘tar kechasi 00:00 da boshlanadi. Uchrashuv Albaniyaning Tiran shahrida bo‘lib o‘tadi.

Eldor Shomurodov ushbu uchrashuvda Evrokuboklar finalida maydonga tushgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi bo‘lishi mumkin. Bungacha Vitaliy Denisov “TsSKA” safida 2005 yilda UEFA kubogida ishtirok etgan, ammo maydonga tushmagan.

Finaldagi g‘alaba Joze Mourino uchun ham ahamiyatga ega. Mourino Konferentsiyalar ligasidagi g‘alaba bilan barcha Evrokuboklarda g‘alabaga erishgan murabbiyga aylanadi. U “Portu” bilan 2002/03 UEFA Kubogi g‘olibi bo‘lgan. 2009/10 yilda “Inter” bilan Chempionlar ligasini, 2016/17 yilgi mavsumda “Manchester Yunayted” bilan Evropa ligasini yutgan.