Bloglar 13:45 | 28.05.2022

EChL finali. Kim kimdan qasos olmoqchi?

Evropa chempionlar ligasi finaliga “Liverpul” va “Real Madrid” jamoalari etib kelganidan so‘ng ikki klub futbolchilari va murabbiylari qasos haqida fikr bildirishni boshladi. “Bugun Sport” qasos mavzusi atrofidagi gap-so‘zlar haqida ma'lumot beradi.

Foto: “Sports.ru”

Hammasi “Liverpul” musobaqaning ilk finalchisiga aylanganidan keyin boshlandi. Bosh qahramo Muhammad Saloh quyidagi so‘zlarni aytib o‘tdi:

“Men finalda ‘Real Madrid’ bilan uchrashishni xohlayman. Ular bizni finalda mag‘lub etgan. Keling, yana o‘ynaymiz”.

“Real Madrid” yarim finalda “Manchester Siti”ni mag‘lub etib, finalga yo‘l olganidan so‘ng ham Saloh bunga munosabat bildirdi.

“Bizda echilmagan masala bor”, — deb yozdi Muhammad Saloh o‘z sahifasida.

Saloh 2018-yildagi Chempionlar ligasi finalidagi holat va mag‘lubiyat uchun xafa bo‘lganini yashirmayapti. Futbol haqida karikaturalar chizuvchi rassom Omar Momani finaldan avval Muhammad Saloh haqidagi quyidagi videoni e'lon qildi:

2017/18 yilgi mavsum Chempionlar ligasi finaliga ham “Liverpul” va “Real Madrid” etib kelgan va unda Madrid klubi 3:1 hisobida g‘alaba qozongan. Uchrashuvning birinchi bo‘limda Saloh jarohat olib maydonni tark etgandi.

“Liverpul” muxlislari uchun og‘riqli surat / Foto: “Sports.ru”

Muhammad Salohning fikrlariga Madrid klubi futbolchilari javob qaytardi. Karvaxal finaldan avval shunday dedi:

“Finaldagi ikkinchi mag‘lubiyat Salohga qattiq ruhiy zarba bo‘lmasligiga umid qilaman”.

“Albatta, har kimning o‘z fikri bo‘lishi mumkin. Biz raqibmiz va bu ‘Real Madrid’ va uning futbolchilarini kamsitishga o‘xshaydi”, — deya munosabat bildirdi Salohning so‘zlariga Valverde.

“Real” murabbiyi Karlo Anchelotti ham bu mavzuni chetlab o‘tmadi.

“Qasos?! 1981 yilgi Parijda bo‘lib o‘tgan finalda ‘Real’ aynan ‘Liverpul’ga mag‘lub bo‘lgan edi. Demak balki qasos haqida biz gapirsak bo‘lar”, — dedi 62 yoshli mutaxassis yoshlik davrini eslab.

“Liverpul” 1981 yilgi finalda 2022 yilgi final o‘yini bo‘lib o‘tadigan “Park de Prens” stadionida madridliklarni 1:0 hisobida mag‘lub etgan.

Foto: “Championat.com”

Klopp ham Anchelottiga qiziq javob qaytardi. Ammo u eslagan Chempionlar ligasi finalida “Real” ishtirok etmagandi.

“Ajoyib syujet! 0:3 hisobida yutqazib, hisobni 3:3 ga etkazish va penaltilar seriyasida g‘alaba qozonish. Dudek ‘Milan’ juda katta kuchga ega bo‘lgan daqiqalarda jamoani qutqarib qolgan.

Unda ‘Milan’ning murabbiyi kim edi?

Karlo biz ketyapmiz”, — deb hazil qilgan germaniyalik mutaxassis.

2005 yilgi Istambuldagi Chempionlar ligasi finalida “Milan” va “Liverpul” o‘zaro to‘qnash kelgan va unda mersisayd klubi penaltilar seriyasida g‘alaba qozongan. U paytda “Milan” murabbiyi Karlo Anchelotti edi.

Ma'lumot uchun, “Real” va “Liverpul” o‘rtasidagi final o‘yini 28 maydan 29 mayga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi.