Bloglar 17:30 | 01.06.2022

Ilk turdagi mag‘lubiyatdan qorli o‘yindagi chempionlikkacha: 4 yil avval O‘zbekiston g‘olib bo‘lgan musobaqa haqida

O‘zbekistonda 1 iyun kuni 23 yoshli futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi start oladi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 2018 yilda xitoyda o‘tkazilgan musobaqaning g‘olibi bo‘lgan. “Bugun Sport” 1 iyun kuni boshlanadigan U-23 Osiyo kubogi oldidan bu musobaqa haqida eslaydi.

Foto: “Getty Images”

Bu musobaqada O‘zbekiston olimpiya jamoasi safida Akrom Komillov, Hojiakbar Alijonov, Aziz G‘aniev, Odil Hamrobekov, Jasur Yaxshiboyev, Doston Hamdamov, Javohir Siddiqov kabi futbolchilar porlagan. Murabbiy Ravshan xaydarov ham o‘zining eng zo‘r musobaqalaridan birini o‘tkazgan.

O‘zbekiston musobaqaning “A” guruhidan o‘rin olgan va unga mezbon xitoy, musobaqa favoritlaridan biri Qatar va guruh autsayderi hisoblangan Ummon jamoalari raqiblik qilgan.

Ravshan xaydarov shogirdlari ilk turni mag‘lubiyat bilan boshlagan. Qatar bilan o‘yinda 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat qayd etilgan. Yagona golni ayni paytda Qatar terma jamoasi hujumchisi Almoez Ali kiritgan. Ammo o‘zbekistonlik futbolchilar 2 va 3-turda vaziyatni o‘nglab ikki g‘alabaga erishgan va 6 ochko to‘plab 2-o‘rin bilan chorak finalga chiqqan.

Pley-off bosqichida Ravshan xaydarov shogirdlarining fenomenal o‘yinlari boshlangan va avvaliga Yaponiya keyin esa Koreya darvozasiga 4 tadan to‘p kiritilgan.

Musobaqaning ikkinchi finalchisi musobaqa kashfiyoti bo‘lgan Vetnam chorak finalda Iroqni, yarim finalda esa Qatarni penaltilar seriyasida mag‘lub etib, finalga yo‘l olgan.

Final o‘yini esa voqealarga boy bo‘lgan. xitoyda 2018 yil 27 yanvar kuni kuchli qor yoqqan. O‘zbekiston va Vetnam jamoalari qor bilan qoplangan maydonda o‘yinni boshlagan. Asosiy vaqtdagi gollar birinchi bo‘limda kiritilgan. Burchakdan uzatilgan to‘pni Rustam Ashuvmatov golga aylantirib, hisobni ochgan bo‘lsa, Vetnamlik Nguen xai jarima zarbasidan hisobni tenglashtirgan.

Foto: “Getty Images”

Uchrashuvni oq libosda boshlagan O‘zbekiston jamoasi 2-bo‘limda ko‘k rangli kiyimda maydonga chiqqan. Ikki bo‘lim orasidagi tanaffus qor sababli 1 soatu 5 daqiqaga cho‘zilgan. O‘yinning asosiy vaqti 1:1 hisobi bilan yakunlangan.

Ravshan xaydarov qo‘shimcha bo‘limlarda tavakkalga qo‘l urgan va zaxiradan himoyachi Abbos Otaxonov o‘rniga Bobur Abdixoliqov, markaziy yarim himoyachi Javohir Siddiqov o‘rniga esa hujumchi Andrey Sidirovni tushurgan. O‘zbekiston qo‘shimcha daqiqalarda o‘yinni 3 ta nominal hujumchi bilan o‘tkazgan.

Foto: “Getty Images”

Ravshan xaydarovning bu tavakkali o‘zini oqlagan. Uchrashuvning 118-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan Andrey Sidirov burchakdan oshirilgan to‘pni golga aylantirib, O‘zbekistonga chempionlik keltirgan. Qiziq fakt: Andrey Sidirov butun musobaqad faqat bir marta zarba bergan va u golga aylandik.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan musobaqa 1 iyun kuni start oladi. Ochilish o‘yinida O‘zbekiston va Turkmaniston U-23 jamoalari to‘qnash keladi. Uchrashuv 20:30 da “Paxtakor” markaziy stadionida boshlanadi.