Yangiliklar 12:18 | 29.06.2022

Aziz Haydarov “Bunyodkor” futbol akademiyasi rahbari etib tayinlandi

Sobiq futbolchi Aziz Haydarov “Bunyodkor” futbol klubi akademiyasi rahbari etib tayinlandi. Bu haqda Toshkent klubi rasmiy sayti xabar berdi.

Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi axborot xizmati

“Bunyodkor” safida 2007–2011 yillar davomida futbolchi sifatida harakat qilgan Aziz Haydarov endi klub akademiyasi rahbari sifatida ishlaydi.

“Akademiya faoliyatini tahlil qilish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, yaqin kelajakda ‘Bunyodkor’ futbol akademiyasida tub o‘zgarishlar jarayonini boshlash zarur. Futbolchilarni tayyorlash bo‘yicha talablarga to‘liq javob beradigan, bugungi kun talablari va Evropa futbol standartlariga javob beradigan yangi maqsadli dastur ishlab chiqish zarur. Asosiy maqsad akademiya va klub faoliyatini tubdan o‘zgartirish, ya'ni mavjud tizim, shart-sharoitlar va avvalgi rivojlanish dasturlarini yangilash, muhitni yaxshilashdir”, — dedi klub prezidenti.

Avvalroq Viktor Karpenko “Bunyodkor” yangi bosh murabbiyi etib tayinlangani haqida xabar berilgan. Shuningdek, “Bunyodkor” yarim himoyachi va darvozabon bilan shartnoma imzolagani ma'lum qilingan.