Yangiliklar 12:59 | 30.06.2022

O‘zbekistonlik harbiy hizmatchilar “Eng ilg‘or merganlar jamoasi” musobaqasida 2-o‘rinni oldi

O‘zbekistonlik harbiy hizmatchilar Turkiyada o‘tkazilagn “Eng ilg‘or merganlar jamoasi” musobaqasida 2-o‘rinni oldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Mudofaa vazirligi axborot xizmati

Turkiyaning Egridir shahridagi “Komando” o‘quv markazi bazasida harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Eng ilg‘or merganlar jamoasi” nomli xalqaro musobaqa o‘tkazildi.

Unda Germaniya, Bahrayn, Qatar, Ozarbayjon kabi dunyoning 12 davlatidan jami 33 ta jamoa, Turkiyaning o‘zidan esa dengiz maxsus kuchlari, quruqlikdagi maxsus kuchlari, maxsus operatsiyalar kuchlari kabi alohida qo‘shin turlaridan jami 15 ta jamoa ishtirok etdi.

Kunduzgi va tungi mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan musobaqa bellashuvlari o‘n kun davomida o‘tkazildi. Ushbu xalqaro musobaqaning boshqa merganlik musobaqalaridan farqi shundaki, unda vertolyot va qayiqda ham xarakat vaqtida otish mashqlari bajarildi.

Bundan tashqari, musobaqa ishtirokchilari tunggi vaqtda magnit azimuti bo‘yicha tog‘li hududda 6 soat davomida harakatlanib, noaniq masofadagi nishonni yakson etdi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi barcha shartlarni muvaffaqiyatli bajarib, 12 ta davlat jamoalari orasida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Birinchi o‘rin mezbon davlat vakillariga nasib etdi.

Avvalroq O‘zbekiston dzyudo jamoasi harbiylar o‘rtasidagi Jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgan.