Yangiliklar 20:38 | 04.07.2022

O‘zbekistonda 2023 yildan qishki sport turlari uchun 15 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi

O‘zbekistonda 2023 yildan har yili Qishki Olimpiadaga kiritilgan sport turlari uchun 15 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” xabar berdi.

Foto: “53 Novosti”

Prezident qaroriga ko‘ra, 2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetstso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash dasturi, tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha kontingent tasdiqlandi.

Dastur doirasida quyidagilar tashkil etiladi:

  • O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida zamonaviy muz saroyi;
  • Toshkent viloyatida qishki sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa a'zolari uchun 60 o‘ringa mo‘ljallangan Olimpiya tayyorgarlik markazi;
  • Toshkent shahrida Qishki sport turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabi.

Avvalroq O‘zbekistonda qishki sport turlari infratuzilmasi yaratilishi haqida xabar berilgan.