Bloglar 16:02 | 11.07.2022

Nadalning yarim finalda ishtirok eta olmasligi, qozog‘istonlik Ribakinaning g‘alabasi va Jokovichning 7-chempionligi

Buyuk Britaniyada tennis bo‘yicha navbatdagi “Uimbldon” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Turnir voqealarga boy bo‘ldi. “Bugun Sport” yakuniga etgan tennis musobaqasi haqida ma'lumot beradi.

Foto: “Uimbldon”

Rossiya va belaruslik tennischilar musobaqadan chetlatildi.

“Uimbldon”ga bog‘liq voqealar musobaqa startidan avvalroq boshlangan. 2022 yilning aprel oyida “Uimbldon”rossiyalik va belaruslik tennischilarni Buyuk Britaniya hududida bo‘lib o‘taligan barcha musobaqalardan chetlatgandi. Bunga Ukrainadagi urush sabab bo‘lgan.

Tashkilot agar iyun oyigacha vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarsa, cheklovlar olib tashlanishini ma'lum qilgandi. Biroq rossiyalik va belaruslik tennischilar musobaqada ishtirok etmadi.

Qozog‘istonlik Elena Ribakina qizlar o‘rtasidagi “Uimbldon” chempioni bo‘ldi.

Qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Uimbldon” musobaqasi finalida qozog‘istonlik Elena Ribakina tunislik Ons Jaberni mag‘lub etdi.

Foto: “Getty Images”

Rossiyada tug‘ilgan, ammo Qozog‘iston sharafini himoya qiladigan Ribakinaning chempionligi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Rossiyalik jurnalist Vasiliy Utkin quyidagicha fikr bildirdi:

“Rossiyalik tennischilar musobaqadan chetlatilgan yilda Moskvada tug‘ilgan qiz chempion bo‘ldi. Qanday taqdir hazili, kulyapman.

Shunchaki xursandman!”.

Shuningdek, rossiyalik jurnalist Kseniya Sobchak ham bu g‘alaba Rossiyaniki emas Qozog‘istonning g‘alabasi ekanini ta'kidladi. Elena Ribakinaning o‘zi ham Qozog‘iston tennis federatsiyasi rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart Toqaev ham Elena Ribakinani g‘alaba bilan tabrikladi.

“Qozog‘istonlik tennischi Elena Ribakina eng nufuzli ‘Uimbldon’ turnirida tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritdi. Men ajoyib sportchini chin qalbimdan tabriklayman!”, — deb yozdi To‘qaev Twitter sahifasida.

Nadal yarim finalda ishtirok eta olmasligini bildirdi.

Rafael Nadal “Uimbldon”ning chorak finalida amerikalik Taylor Fritsni 5 set davom etgan bahsda mag‘lub etdi. Biroq u yarim finalda avstraliyalik Nik Kirosga qarshi kortga chiqa olmasligini ma'lum qildi.

Foto: “Getty Images”

Tennischining o‘zi buni quyidagicha izohladi:

“Allaqachon bilganingizdek, mening qorin mushaklarim yirtilgan. Men kun bo‘yi bu qaror haqida o‘yladim. Ammo o‘ynashda davom etsam, jarohatim yanada og‘irlashadi. Va buni aytishdan juda xafaman.

Keyingi ikki o‘yinda g‘alaba qozona olmasligimni bilganim uchun shunday qarorga keldim. Odatiy tezlikda harakat qila olmayman. Bundan tashqari, men oddiy to‘p uzatishdagi harakatni bajara olmayapman.

Qaysidir ma'noda, o‘zimni hurmat qilganim uchun bor kuchim bilan kurasha olmasam, kortga chiqishni xohlamayman”.

Jokovich “Uimbldon”da 7-marta g‘olib bo‘ldi.

Novak Jokovich “Uimbldon” finalida Nik Kirosni mag‘lub etdi. 4 set natijasiga ko‘ra, umumiy hisob — 4:6, 6:3, 6:4, 7:6.

Foto: “Getty Images”

Serbiyalik tennischi “Katta shlem” musobaqalaridagi 21-g‘alabasiga erishdi. U Rojer Federerni ortda qoldirdi. Jokovich faqatgina Nadaldan ortda qolmoqda. Ispaniyalik tennischida 22 ta chempionlik bor. Shuningdek, bu g‘alaba Jokovich uchun “Uimbldon”dagi 7-g‘oliblik bo‘ldi.

Azimbek xushmamatov tayyorladi