Yangiliklar 14:05 | 01.08.2022

O‘zbekistonda taekvondo bo‘yicha zamonaviy sport majmualari quriladi

O‘zbekistonda taekvondo sport turi bo‘yicha zamonaviy sport majmualari quriladi. Bu haqda Prezident qarori imzolandi.

Foto: O‘zbekiston taekvondo federatsiyasi matbuot xizmati

Unga ko‘ra, taekvondo (WT)ni olimpiya sport turi sifatida ommalashtirish, yoshlar orasidan sportchilarni saralab olish tizimini yaxshilash, milliy terma jamoalarzning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini ta'minlash maqsadida quyidagilar 2022-2024 yillarda taekvondo (WT) sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • taekvondoni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, iqtidorli sportchilarni, shu jumladan, sportchi-ayollarni aniqlash, tanlash va saralash (selektsiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
  • maktabgacha yoshdagi bolalarda taekvondoning “Pumse” yo‘nalishiga qiziqish uyg‘otish orqali nafas olish, xotira va kontsentratsiyani yaxshilash, vestibulyar apparatni chiniqtirish kabi sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish, shuningdek, istiqbolda maktabgacha ta'lim tashkilotlarida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda “Kids taekvondo” loyihasini ishga tushirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ko‘p bolali oilalar farzandlarining taekvondo bilan shug‘ullanishi uchun hududlarda “Taekvondo (WT) hamma uchun” dasturini ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi;
  • zarur shart-sharoitlar mavjud bo‘lgan umumiy o‘rta ta'lim maktablarida taekvondo bo‘yicha darsdan tashqari alohida sport sektsiyalarini tashkil etish, ularga maktab joylashgan hududdagi sport maktabi va boshqa muassasadan trener-o‘qituvchilarni jalb etish, shuningdek, o‘rta maxsus, professional hamda oliy ta'lim tashkilotlari o‘quvchi va talabalari uchun taekvondo bo‘yicha fakultativ mashg‘ulotlarni joriy etish, taekvondo klublari tuziladi;
  • taekvondo bo‘yicha xalqaro talablarga muvofiq zamonaviy sport majmualarini qurish, mavjud sport majmualarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport uskunalari  va anjomlari bilan ta'minlanadi;
  • hududiy terma jamoalarning asosiy tayyorgarlik markazlari sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida engil konstruktsiya asosida quriladigan markazlar tashkil etiladi;
  • taekvondoni o‘qitishning zamonaviy metodikalariga asoslangan ilmiy-uslubiy va o‘quv adabiyotlar bilan ta'minlash hamda tibbiy xizmat rivojlantiriladi;
  • mahalliy korxonalar tomonidan xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda taekvondo bo‘yicha xalqaro standartlarga mos zamonaviy inventarlar va jihozlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
  • ommaviy axborot vositalarida sog‘lom turmush tarzining eng muhim tarkibiy qismi sifatida taekvondoni targ‘ib qilish hamda bu jarayonda yuqori darajadagi axborot texnologiyalari va multimedia mahsulotlaridan foydalanilishini ta'minlanadi.

Avvalroq o‘zbekistonlik taekvondochi qiz tarixda ilk bor Jahon chempioni bo‘lgani haqida xabar berilgan. Shuningdek, o‘zbekistonlik taekvondochi Charos Qayumova jahon reytingida 1-o‘ringa ko‘tarilgani ma'lum qilingan.