UFC/Boks/MMA 22:38 | 05.08.2022

To‘lqin Qilichev boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi bo‘ldi

O‘zbekiston boks federatsiyasida 5 avgust kuni terma jamoaga murabbiy tayinlash masalasida yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda federatsiya axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Instagram / @tulkin_kilichev

Ma'lum qilinishicha, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etgan.

Tadbirda terma jamoa murabbiyi Marat Galievichning qilgan xizmatlari alohida e'tirof etilgan va jamoaga vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida To‘lqin Qilichev tayinlangan.

“Marat Qurbonovning boksdagi faoliyati yakunlangani yo‘q. U kishi hali ko‘plab murabbiylar, chempion bokschilarni tarbiyalashga o‘z hissasini qo‘shishiga ishonamiz.

O‘zbekiston boks federatsiyasi Marat Galievichning terma jamoa rulidagi samarali faoliyatini yuksak qadrlaydi va o‘z minnatdorchiligini bildiradi. To‘lqin Qilichevga esa yangi vazifada omad tilab qolamiz”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 3 avgust kuni Oybek Muzaffarov O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasiga ijrochi direktor etib tayinlangandi. Sherzod Pardaev esa federatsiya bosh kotibi lavozimiga tayinlangan.