Yangiliklar 17:41 | 06.08.2022

Qashqadaryoda 23 yoshli sportchi suvdan o‘lik holda topildi

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 14 iyul kuni 23 yoshli sportchi yigitning jasadi suvdan topildi.

Foto: Telegram / @qitmirmuxbir

Marhumning akasi Dilshod Karimovga ko‘ra, ukasi o‘ldirib ketilgan bo‘lishi mumkin. Yigitning jasadi Qarshi magistral kanalidan akasi tomonidan topilgan.

“Ukamni g‘ovvoslar topolmagach, o‘zim va qarindoshlar, oshna-og‘aynilarim birikib yana suvdan izladik va 14-iyul kuni topdik. Suvdan chiqqanda ukamning jasadi shishib ketgan edi. To‘g‘ri, ikki-uch kun suvdan qolgan, shishadi.

Ammo ukamda kaltak izlari ham bor edi-da. Qolaversa u suvga shunchaki cho‘kib ketmaydi. Holsizlikdan yoki kaltaklanib, sog‘lig‘iga zarar etkanidan so‘ng cho‘kib ketgan bo‘lishi mumkin”, — deydi marhumning akasi Dilshod Karimov.

“Bugun.uz” holat yuzasidan ma'lumot olish uchun Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landi. Mutasaddi mazkur holat yuzasidan ma'lumotlarni aniqlashtirib, xabar berishini ma'lum qildi

Avvalroq Qashqadaryo viloyatida sport ustasi Elbek Rahimov o‘z uyida o‘ldirib ketilgani xabar qilingandi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi holat yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot bergandi.