Yangiliklar 22:18 | 12.08.2022

Foto: Shaxmat olimpiadasi g‘oliblariga pul mukofotlari topshirildi

Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘oliblariga 12 avgust kuni pul mukofotlari topshirildi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi axborot xizmati

Tadbirda Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari M.Ismoilov, Shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Sa'dullaev, federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari x.Turdaliev, shuningdek, 44-butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘oliblari Nodirbek Yoqubboyev, Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov va Jahongir Vohidov hamda ularning ota-onalari ishtirok etgan.

Tadbir avvalida Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari M.Ismoilov so‘zga chiqib, g‘oliblarni unutilmas g‘alaba bilan samimiy tabrikladi va ularga kelgusi musobaqalarda omad tiladi.

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi axborot xizmati

Marosimda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi A.Sa'dullaev ham so‘zga chiqdi. U o‘z so‘zida davlat rahbarining qahramonlarimizga telefon orqali yo‘llagan tabriklarini tilga olib, har bir uchrashuvda delegatsiyaning har bir vakilini qamrab olgan ta'riflab bo‘lmas tuyg‘ular bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi axborot xizmati

Bundan tashqari, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining o‘rinbosari x.Turdaliev terma jamoadagi hamjihatlik har bir sportchining ruhiyatini asrashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidladi. Shuningdek, u O‘zbekiston terma jamoasi eng jozibador jamoa sifatida e'tirof etilganini ham aytib o‘tdi.

G‘oliblar nomidan Jahongir Vohidov so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida mamlakatda yaratilgan barcha sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi axborot xizmati

Shuningdek, shaxmatchilar 2024 yilda Vengriyada bo‘lib o‘tadigan olimpiadada ham g‘alaba qozonish va chempionlikni saqlab qolish uchun bor kuch-g‘ayratini ishga solishini aytib o‘tdi. Tadbir yakunida shaxmatchilarga pul mukofotlari topshirildi.

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi axborot xizmati

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi 46-butunjahon shaxmat olimpiadasiga O‘zbekiston mezbonlik qiladi.