Yangiliklar 19:43 | 13.08.2022

O‘zbekistonlik harbiylar xalqaro armiya o‘yinlarining ikki bosqichini muvaffaqiyatli boshladi

O‘zbekistonlik harbiylar VIII xalqaro armiya o‘yinlarining ikki bosqichini muvaffaqiyatli boshladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

xabarga ko‘ra, 13 avgust kuni Rossiyaning Moskva viloyatida joylashgan “Alabino” poligonida VIII xalqaro armiya o‘yinlarining “Tank biatloni” musobaqasiga start berildi.

Musobaqaning birinchi divizioni yakkalik poyga shartida O‘zbekiston tankchilari Vetnam, Venesuela va Qozog‘iston jamoalarining birinchi ekipaj a'zolari bilan bellashdi.

Tank komandiri katta leytenant Shahzod Mamadiyorov, mo‘ljalga oluvchi kichik serjant Islom Sobirov va mexanik-haydovchi katta serjant Karimjon Urinovdan iborat 1-ekipaj mazkur jamoalar bilan bellashdi.

Musobaqaning yakkalik poyga shartiga ko‘ra, T-72B3 tanklarida ekipaj a'zolari turli to‘siqlardan o‘tib, belgilangan nishonlarni yakson qildi. Natijalarga ko‘ra, o‘zbekistonlik tankchilar ekipaji 25 daqiqayu 18 soniyada finishga etib keldi. Qozog‘iston jamoasi finish chizig‘ini 25 daqiqayu 57 soniyada, vetnamliklar esa 34 daqiqayu 53 soniyada bosib o‘tgan bo‘lsa, venesuela 47daqiqayu 05 soniya natijani qayd etdi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston vakillari harakat olib borayotgan birinchi divizionda jami 10 ta jamoabirinchilik uchun kurashadi, bular: Ozarbayjon, Belarus, Vetnam, Venesuela, O‘zbekiston, Qozog‘iston, xitoy, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston va Rossiya. O‘zbekiston ishtirokidagi keyingi bahslar 16 avgust va 20 avgust kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Markaziy harbiy okrugining “Forish” tog‘poligonida “Dala oshxonasi” yo‘nalishining dastlabki bosqichi, ya'ni “Otish tayyorgarligi” bahslari o‘z yakuniga etdi.

Unda O‘zbekiston, Tojikiston, Rossiya, Belarus hamda Vetnam davlatlarining harbiy oshpazlaridan iborat 5 ta jamoa ishtirok etdi. “Otish tayyorgarligi” bahslarining shartlariga ko‘ra, har bir jamoadan 6 nafar vakil ishtirok etib, 100 metr masofadagi nishonlarga qarata 10 marotabadan o‘q uzdi.

Musobaqaning ushbu bosqichining yakuniga ko‘ra umum jamoa hisobida quyidagi natijalar qayd etildi:

1. O‘zbekiston — 92,8 ball;

2. Vtetnam — 83,5 ball;

3. Rossiya— 72,2 ball;

4. Belarus — 71,5 ball;

5. Tojikiston — 62,0 ball.

Avvalroq O‘zbekiston “ArMI-2022” o‘yinlarining 5 ta yo‘nalishiga mezbonlik qilishi haqida xabar berilgan.