Futbol 19:20 | 16.08.2022

“Manchester Yunayted” Ronalduni qo‘yib yuborishi mumkin. Krishtianuning yomon kayfiyati o‘yinchilarga ta'sir qilmoqda

“Manchester Yunayted” yozda Krishtianu Ronalduni qo‘yib yuborishi mumkin.

Foto: Getty Images

BBC nashri xabariga ko‘ra, klub portugaliyalik hujumchining yomon kayfiyati boshqa futbolchilarning ruhiy holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani uchun uni sotib yubormoqchi. Qayd etilishicha, Ronaldu jamoadoshlari bilan deyarli muloqot qilmayapti va ketish istagini yashirmayapti.

“Manchester Yunayted” 37 yoshli futbolchi ketmasa, jamoaning hozirgi muammolari hal bo‘lmasligidan cho‘chimoqda. Shuningdek, klubdagilar Ronalduning ketishi jamoaga ijobiy ta'sir ko‘rsatishiga va natijalarning sezilarli yaxshilanishiga umid qilmoqda.

Avvalroq “Atletiko” bosh murabbiyi Diego Simeonening Ronaldu transferiga qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Ungacha “Manchester Yunayted” klubning pozitsiyasi o‘zgarmasligi va Ronaldu boshqa jamoaga sotilmasligini ma'lum qilgandi.

Ma'lumot uchun, Ronaldu APLning joriy mavsumida 2 ta o‘yin o‘tkazib, birorta ham samarali harakatni amalga oshira olmadi.