Futbol 13:30 | 16.08.2022

Rasman: “Navbahor” Samvel Babayan bilan shartnomani uzaytirdi

“Navbahor” jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayan bilan shartnomani uzaytirdi.

Foto: PFL

Professional futbol ligasi matbuot xizmatining yozishicha, tomonlar amaldagi kelishuvni 2025 yil so‘ngiga qadar uzaytirgan.

Qayd etish kerak, Babayan 2022 yilgi mavsum avvalida namanganliklar boshqaruviga kelgandi. Jamoa uning qo‘l ostida 15-turdan keyin Superligada peshqadamlik qilmoqda.

“Navbahor” 16-tur doirasidagi o‘yinini 16 avgust kuni “Qo‘qon-1912”ga qarshi safarda o‘tkazadi.

Ma'lumot uchun, Babayan murabbiylik faoliyatidagi ilk qadamlarini aynan “Navbahor” klubida qo‘ygan. 1995—2001 yillar davomida Babayan namanganliklar klubi murabbiylar shtabida faoliyat olib borgan.

Babayan 2001—2002 yillari O‘zbekiston terma jamoasida menejer sifatida faoliyat olib bordi. 2002 yildan Toshkentning “Paxtakor” jamoasida vitse-prezident sifatida ish boshlagan Babayan mazkur lavozimda 2014 yilgacha faoliyat olib bordi. U 2014—2015 yillarda “Paxtakor” bosh murabbiyi lavozimida faoliyat olib bordi. Mutaxassis 2015—2017 yillarda O‘zbekiston milliy, 2016 yili esa parallel ravishda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasida ham bosh murabbiy bo‘lib ishlagan.

Samvel Babayan 2018—2019 yillarda Latviyaning “Spartak” (Yurmala) jamoasida faoliyat olib bordi. 2019 yilda Toshkentning “Lokomotiv” jamoasini boshqardi. 2020 yilda esa xitoyning “Chanchun Yatay” jamoasida bosh murabbiy sifatida ishladi. 2021 yilning 10 iyul sanasidan boshlab “Navbahor”da maslahatchi murabbiy sifatida ish boshlagandi.

Eslatib o‘tamiz, Babayan O‘FF (hozirgi O‘FA) ijroqo‘mining 2018 yil 15 yanvardagi 3-sonli qaroriga muvofiq futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan umrbod chetlashtirilgandi. Keyinroq mutaxassis Latviyada ish boshlagach, tashkilot bu qarorning faqat O‘zbekistonda amal qilishini ma'lum qilgandi.

Ammo oradan bir yil o‘tib, Babayanning diskvalifikatsiyasi chetlatishdan ikki hafta o‘tiboq “Bunyodkor” klubi kafilligi ostida bekor qilingani ma'lum bo‘ldi.